Ko`p beriladigan savollar

Umumiy savollar

1. O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining qaysi turdagi murojaatlari O`zbekiston Respublikasining konsullik idoralariga kelib tushishi mumkin?

Konsullik mansabdor shaxslari o`z vakolatlari doirasida notarial harakatlarni amalga oshiradilar, fuqarolik holati dalolatnomalarini ro`yxatga oladilar, O`zbekiston Respublikasi fuqaroligi masalasini hal qilishda ishtirok etadilar. O`zbekiston Respublikasining xorijdagi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qonuniy manfaatlarini ifodalash bilan bir qatorda, ular xorijiy mamlakatda amal qilib turgan qonunlar va istiqomat qoidalari to`g`risida axborot beradilar, favqulodda vaziyatlar vujudga kelgan holatlarda xavfsizlikni ta’minlash bo`yicha ularga zarur tavsiyalarni beradilar va tegishli chora-tadbirlarni, zarur holatlarda esa mamlakatdan evakuatsiya qilish ishlarini amalga oshiradilar.

O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqiy maqomi birinchi navbatda ular istiqomat uchun kelgan davlatning qonunchiligi bilan belgilanadi. Bunday holatlarda fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo`yicha konsullik konvensiyalari va shartnomalarining qoidalari katta ahamiyat kasb etadi.

O`zbekiston Respublikasi konsullik xizmati imkon qadar ko`proq darajada insonga yaqin bo`lishga, uning huquqlari va manfaatlarini ta’minlashga da’vat etilgandir. U voqea-hodisalarga va fitnalarga nisbatan omilkorlik bilan javob berishi, murakkab vaziyatga tushib qolgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolariga o`z vaqtida zarur axborotni berib turishi, kerakli muhofaza va yordam ishlarini amalga oshirishi shart. Ushbu masalani esa, fuqarolarning o`zga mamlakatda istiqomat qilish ishiga mas’uliyat bilan yondashmay turib samarali ta’minlab bo`lmaydi.

2. O`zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansub emaslik to`g`risidagi ma’lumotnomani qay tarzda olish mumkin?

Xorijda doimiy yashayotgan va O`zbekiston Respublikasi fuqaroligini o`rnatilgan tartibda qabul qilmagan va O`zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansub emaslik to`g`risidagi ma’lumotnomani olish istagida bo`lgan shaxslar O`zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga ariza-so`rovnoma bilan murojaat etadilar. (ariza-so`rovnoma formasi vakolatxonalar saytida keltirilgan)

O`zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatdagi konsullik muassasasiga O`zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansub emaslik to`g`risidagi ma’lumotnomani olish uchun ariza-so`rovnomani topshirish chog`ida konsullik yig`imi, hamda amaldagi xarajatlarni qoplash yig`imi undirib olinadi.

3. Hujjatlar legalizatsiyasi nima va u qay tartibda amalga oshiriladi?

Legalizatsiya – hujjatlardan xalqaro munosabatlarda foydalanish uchun, bu hujjatlar ularni rasmiylashtirgan mamlakatning qonunchiligiga muvofiqligini tasdiqlanishidir. Legalizatsiya mansabdor shaxsning imzosi, hamda davlat idorasi muhri haqiqiyligini tasdiqlashdan iborat bo`ladi.

Muayyan bir mamlakatda rasmiylashtirilgan hujjatlar, agar davlatlarning qonunchiligi qoidalarida boshqacha nazarda tutilgan bo`lmasa, yohud o`sha davlatlar a’zo bo`lgan xalqaro shartnomalarga ko`ra legalizatsiya taomili bekor qilingan bo`lmasa, boshqa mamlakat hududida ular belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan bo`lsagina, ko`rib chiqish uchun qabul qilinadi.

O`zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari o`zlarining konsullik hududlariga kiruvchi mamlakatlarda tuzilgan hujjatlarni legalizatsiya qiladilar.

O`zbekiston Respublikasi hududida tuzilgan hujjatlar O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan legalizatsiya qilinishi shart.

MDH mamlakatlari doirasida 22.01.1993 yilda imzolangan Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo`yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to`g`risidagi Konvensiya (Armaniston, Belorussiya, Qozog`iston, Qirg`iziston, Moldova (muayyan shart bilan), Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Turkmaniston, O`zbekiston va Ukraina) amal qiladi. Yuqorida zikr qilingan Konvensiyaning 13-moddasiga muvofiq «Shartnomada qatnashayotgan taraflardan birontasida tayyorlangan yoki maxsus vakolat berilgan muassasa yohud shaxs tomonidan ularning vakolatlari doirasida, hamda o`rnatilgan tartibda shahodatlangan va gerbli muhr bosilgan hujjatlar, Shartnoma ishtirokchisi bo`lgan boshqa taraflar tomonidan har qanday maxsus tasdiqnomasiz qabul qilinadi».

4. O`zbekistondan hujjatlarni so`rab olish tartibi qanday?

O`zbekiston Respublikasidan hujjatlarni so`rab olish uchun O`zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy fuqarolar va fuqarolikka ega bo`lmagan shaxslar bevosita O`zbekiston Respublikasi arxiv muassasalariga ham, shuningdek O`zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga va konsullik muassasalariga ham murojaat etishlari mumkin.

O`zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonasiga yoki konsullik muassasasiga murojaat etuvchi shaxs har bir so`rab olinayotgan hujjat uchun alohida belgilangan shakldagi maxsus anketani ikki nusxada to`ldirishi, shuningdek konsullik yig`imini, hamda amaldagi xarajatlarni qoplash yig`imini to`lashi shart.

Mehnat va pensiya daftarchalari, harbiy biletlarning asl nusxalarini so`rab olish, jo`natib yuborish yoki xorijga chaqirtirib olishga yo`l qo`yilmaydi.

Shuningdek, agar nikoh bekor qilingan bo`lsa, nikohdan o`tganlik to`g`risidagi guvohnomani, shuningdek vafot etgan shaxsning tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomasini qaytadan so`rab olinishi mumkin emas. Voyaga yetmagan shaxslarning tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomalari ularning qonuniy vakillari tomonidan so`rab olinishi mumkin. Vafot etganlik to`g`risidagi guvohnomalar vafot etgan shaxsning qarindoshlari yoki yuridik shaxslar tomonidan rasmiy maqsadlar uchun so`rab olinishi mumkin.

Amaliyotning ko`rsatishicha, ma’lumot to`g`risidagi hujjatlarni (attestatlar, diplomlar va ulardan ko`chirmalarni) O`zbekiston Respublikasidan so`rab olishda manfaatdor shaxslarning bevosita o`quv muassasasiga murojaat etishi bir muncha samarali natija beradi. Buning uchun shaxsiy ishni arxivlardan izlab topish, hujjatning dublikatini tayyorlash, shahodatlash va arizachiga jo`natib yuborish bilan bog`liq barcha xarajatlarning qoplanishi shart bo`ladi.

5. Xorijiy davlat fuqaroligini qabul qilgandan keyin O`zbekiston fuqarolari qanday harakatlarni amalga oshirishlari zarur?

O`zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq O`zbekiston Respublikasi fuqarosi bo`lgan shaxsning xorijiy mamlakat fuqaroligiga mansubligi tan olinmasligi munosabati bilan, xorijiy davlat fuqaroligini olgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari avval qaysi fuqarolikni tanlab olishlari borasida aniq qarorga kelishlari zarur.

Agar xorijiy davlat fuqaroligini tanlab olishga ahd qilsalar, xorijda istiqomat qiluvchi fuqarolar o`zlari istiqomat qilib turgan mamlakatdagi O`zbekiston Respublikasining xorijiy konsullik muassasasiga fuqarolikdan chiqish to`g`risida yozma ravishda murojaat etishlari va quyidagi hujjatlarni taqdim qilishlari darkor:

• O`zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportining belgilar qo`yilgan barcha varaqlarining, hamda pasport ma’lumotlari kseronusxasini, shuningdek xorijiy pasport ma’lumotlari va fotosuratini (xorijiy davlat fuqarosi bo`lgan holatda);

• xronologik tartibda yozilgan batafsil tarjimai hol;

• o`rnatilgan shakldagi fuqarolikdan chiqish to`g`risidagi anketa-ariza;

• 4 ta fotosurat (rangli tasvirda, 45x55 mm. hajmli);

• 14 yoshdan 18 yoshgacha farzandlari bo`lsa, va ular ota-onalari bilan birga fuqarolikdan chiqish istagini bildirsa, ularning yozma ravishda rasmiylashtirilgan roziligi;

• ota-onalarning voyaga yetmagan farzandlari bilan birga fuqarolikdan chiqishini rasmiylashtirishda, agar ulardan biri O`zbekiston fuqaroligida qolayotgan bo`lsa, O`zbekiston fuqarosi bo`lmish ota yoki onaning farzandlari O`zbekiston fuqaroligidan chiqishga o`z roziligini berishi zarur;

• konsullik yig`imi, hamda amaldagi xarajatlarni qoplash yig`imi to`langanligi to`g`risidagi pattaning (kvitansiyaning) nusxasi.

6. Xorijga qisqa muddatli tashrif buyurgan holda, ya’ni O`zbekiston Respublikasi vakolatli organlarining qisqa muddatga xorijga chiqish uchun ruxsatini olgan holda, ulardan xorijda doimiy yashab qolish uchun, o`sha mamlakatdan chiqmasdan turib, ruxsatnoma olish mumkinmi?

O`zbekiston Respublikasining vakolatli organlarining qisqa muddatga xorijga chiqish uchun ruxsatini olgan fuqarolari O`zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik idoralariga xorijda doimiy yashab qolish uchun ruxsatnoma olish borasida murojaat etishlari mumkin, faqat bunda arizachilar o`zlari turgan mamlakatda legal maqomda istoqomat qilayotgan bo`lishlari shart.

Buning uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etish zarur:
• Erkin tarzda yozilgan ariza;
• O`rnatilgan shakldagi anketa-ariza (konsuldan olinadi);
• Pasport barcha varaqlarining (shu jumladan bo`sh varaqlarning) nusxasi;
• Tug`ilganlik to`g`risida guvohnoma (yoki uning notarial tasdiqlangan nusxasi);
• 14 yoshdan 18 yoshgacha farzandlari bo`lsa, va ular ota-onalari (yoki ulardan birontasi) bilan xorijdagi doimiy turar-joyga chiqib ketishga rozi bo`lsa, ularning ariza shaklidagi notarial tasdiqlangan roziliklari;
• Nikoh to`g`risidagi guvohnoma (yoki uning notarial tasdiqlangan nusxasi);
• Ota-onalarning. shuningdek erning (xotinning) notarial tasdiqlangan roziliklari (agar ular vafot etgan bo`lsa – vafotini tasdiqlovchi hujjatlar);
• Erning (xotinning) voyaga yetmagan farzandlar bilan birga chiqish uchun hujjatlarini rasmiylashtirishda, xotinning (erning) notarial tasdiqlangan roziligi bo`lishi shart (hatto ota-ona nikohi qayd etilmagan bo`lsa ham);
• 6 ta fotosurat (shuningdek, farzandlar ham birga rasmiylashtirilayotgan holda, har bir farzand uchun ham);
• Konsullik yig`imi, hamda amaldagi xarajatlarni qoplash yig`imi to`langanligi to`g`risidagi pattaning (kvitansiyaning) nusxasi
• Boshqa hujjatlar (O`zbekiston Respublikasining vakolatli idoralari so`roviga muvofiq)

Pasport almashtirish va rasmiylashtirish tartibi bo`yicha savollar

1.Xorijga doimiy yashashga chiqqan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari qayerda pasport olishlari yoki almashtirishlari mumkin?

Xorijda doimiy yashayotgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun O`zbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti O`zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida beriladi.

Bunday holatda arizachi doimiy konsullik ro`yxatiga olingan O`zbekiston Respublikasining xorijdagi vakolatxonalariga murojaat qiladi.

2.Xorijiy mamlakatga doimiy yashashga chiqib ketgan O`zbekiston fuqarolaridan pasport almashtirish uchun qanday hujjatlar talab qilinadi?

Arizachilar O`zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasiga quyidagi hujjatlarni, murojaat etish maqsadidan kelib chiqqan holda taqdim etadilar:

16 yoshga to`lganlik munosabati bilan:
• Tug`ilganlik haqidagi guvohnoma asli, nusxasi bilan;.
• Ota-ona pasportlarining yozuvlar va belgilar kiritilgan varaqlaridan nusxa.
Ota-onasidan birining pasportining nusxasini taqdim qilish imkoni bo`lmasa, unda bu holni tasdiqlovchi ma’lum bir hujjat nusxasi, jumladan, o`lim haqida guvohnoma, nikoh bekor qilingani, ichki ishlar organlaridan ushbu shaxsni dom-daraksiz yo`qolgani tan olingani to`g`risidagi ma’lumotnoma va hokazolar
• 1-Shakl (arizachi tomonidan 1 nusxada to`ldiriladi).
• 35x45 mm. hajmidagi 4 dona fotosurat;
• Arizachi to`g`risida ma’lumot kiritilgan manzildan chiqish varaqasining tasdiqlangan nusxasi (MDH mamlakatlari uchun).
• Ota-onadan biri chet el fuqarosi bo`lsa, ushbu xorijiy mamlakat fuqarosining farzandini O`zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini olishiga roziligi haqida legalizatsiya qilingan arizasi (MDH mamlakatlari uchun notariusda tasdiqlangan);
• Arizachining doimiy konsullik ro`yxatiga olingani qayd qilingan kartochka nusxasi;

Pasportning muddati tugaganligi, foydalanish uchun yaroqsiz holga kelganligi, vizalar va maxsus belgilar uchun mo`ljallangan varaqlarning to`lganligi munosabati bilan:
• Pasportning yozuvlar va belgilar kiritilgan varaqlari nusxasi;
• 1-Shakl (arizachi tomonidan 1 nusxada to`ldiriladi);
• 35x45 mm. hajmida 4 dona fotosurat;
• Arizachini chet elga doimiy yashashga chiqqanligini tasdiqlovchi hujjat – pasportdagi O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan “Doimiy yashashga chiqishga ruxsat berildi” yozuvli stikeri yoki MDH mamlakatlariga doimiy yashashga ketganlar uchun esa manzildan chiqish varaqasining tasdiqlangan nusxasi;

Pasportni yo`qolganligi munosabati bilan:
• Pasport nusxasi (mavjud bo`lsa);
• 1-Shakl (arizachi tomonidan 1 nusxada to`ldiriladi);
• 35x45 mm. hajmida 4 dona fotosurat;
• Pasportning yo`qolganlik holatini batafsil bayon qilingan ariza;
• Arizachi tomonidan to`ldirilgan shaxsni tasdiqlash uchun so`rovnoma anketasi;
• chet el huquqni himoya qilish organlari tomonidan berilgan arizachining pasport yo`qotilgani borasida murojaat qilgani haqida ma’lumotnomasiю

Familiya, ismi va otasining ismini o`zgartirish munosabati bilan:
• Pasportning yozuvlar va belgilar kiritilgan varaqlaridan nusxa;
• 1-Shakl (arizachi tomonidan 1 nusxada to`ldiriladi);
• 35x45 mm. hajmidagi 4 dona fotosurat;
• Arizachini chet elga doimiy yashashga chiqqanligini tasdiqlovchi hujjat – pasportdagi O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan “Doimiy yashashga chiqishga ruxsat berildi” yozuvli stikeri yoki MDH mamlakatlariga doimiy yashashga ketganlar uchun esa manzildan chiqish varaqasining tasdiqlangan nusxasi;

Izox: Fotosurat sifatli qog`ozda bosmalangan bo`lishi kerak (Kodak, Agfa, Konica, Epson va h.kz.) fotokameraga to`g`ri qaragan holatda (anfas), bosh kiyimsiz. Fotosuratda kiyimning oldi qismi ortiqcha ochiq bo`lsa, u qabul qilinmaydi.

3.O`zbekiston Respublikasining chet ellardagi konsullik muassasalari tomonidan xorijda tahsil olayotgan talabalar O`zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportini rasmiylashtirishi yoki almishtirishi mumkinmi?

Xorijda tahsil olayotgan va chet el mutasaddi tashkilotlari tomonidan talaba (o`quvchi) maqomida ro`yxatdan o`tgan, hamda uzrli sabablarga ko`ra O`zbekiston Respublikasiga kelib o`z turar joylaridagi ichki ishlar bo`limlariga murojaat qila olmaydigan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari pasport almashtirish va unga chet elga chiqishga ruxsat stikeri kiritish bo`yicha konsullik muassasalariga murojaat etishlari mumkin.

Pasport almashtirish va chet elga chiqish stikeri rasmiylashtirish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi :
* 1-Shakl (arizachi tomonidan 1 nusxada to`ldiriladi);
* 8 dona fotosurat;
* o`quv muassasidan ma’lumotnoma tasdiqlangan tarjimasi bilan;
* 30-Shakl (arizachi tomonidan 2 nusxada to`ldiriladi);
* O`zbekiston Respublikasidagi doimiy yashash joyidagi tuman Mudofaa ishlari bo`limi tomonidan chet elga chiqishga ruxsat berilganligi to`g`risidagi ma’lumotnoma va harbiy hisobga olish yoki harbiy guvohnomaning nusxalari.
* Konsullik yig`imlari va haqiqiy harajatlar qoplanganligiga oid to`lov pattasi (kvitansiyasi).

O`zbekiston Respublikasining konsullik muassasalari tomonidan xorijda tahsil olayotgan talabalardan pasportlarini yo`qotgan taqdirlarida yangi pasport rasmiylashtirish uchun hujjatlar qabul qilinmaydi. Bunday hollarda ularga vatanga qaytish guvohnomalari beriladi va ular yo`qotilgan pasport o`rniga yangi pasport rasmiylashtirish uchun doimiy yashash joylaridagi ichki ishlar bo`limlariga murojaat qiladilar.

FHDYo bo`yicha savollar

1.FHDYo bo`limiga tegishli qanday harakatlar O`zbekiston Respublikasining xorijdagi konsuli tomonidan amalga oshiriladi?

O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 203-moddasiga muvofiq O`zbekiston Respublikasining chet elda doimiy yoki vaqtincha yashovchi fuqarolarining fuqarolik holati dalolatnomalari konsul tomonidan O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq qayd etiladi.

Fuqarolik holatining quyidagi dalolatnomalari qayd etish orqali ro`yxatga olinadi:
а) tug`ilish;
б) nikohning tuzilishi;
в) nikohning bekor qilinishi;
г) o`lim.

2.Xorijda tug`ilgan farzandga tug`ilganlik to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasining guvohnomasini olish uchun qanday hujjatlar talab etiladi?

Agar ota-onalar rasmiy nikohlangan bo`lsalar, ulardan birontasi konsulik muassasasiga tashrif buyurishi va quyidagi hujjatlarni taqdim etishi zarur:
• Bola onasining yoki otasining arizasi.
• Tibbiy muassasaning farzand tug`ilganligi to`g`risidagi ma’lumotnomasining asli yoki tasdiqlangan nusxasi.
• Bola ota-onasining pasportlari.
• Bolaning ota-onasi nikohlangani to`g`risidagi guvohnoma yoki uning tasdiqlangan nusxasi.
• Agar bolaning ota-onasidan biri xorijiy davlat fuqarosi bo`lsa, bolaning xorijiy davlat fuqarosi bo`lgan otasining (yoki onasining) bolaga O`zbekiston Respublikasining tug`ilganlik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun notarial tasdiqlangan roziligini taqdim etish shart.

Agar ota-onalar fuqarolik nikohida turgan bo`lsalar (bolaga otalikni belgilangan holda), ota-onaning ikkalasi ham konsulxonaga kelishi shart:
• Ota va onaning birgalikdagi otalik huquqini berish to`g`risidagi arizasi (o`rnatilgan shakli konsuldan olinadi).
• Tibbiy muassasaning farzand tug`ilganligi to`g`risidagi ma’lumotnomaning asli yoki tasdiqlangan nusxasi.
• Bola ota-onasining pasportlari.
• Agar bolaning ota-onasidan biri xorijiy davlat fuqarosi bo`lsa, bolaning xorijiy davlat fuqarosi bo`lgan otasining (yoki onasining) bolaga O`zbekiston Respublikasining tug`ilganlik guvohnomasini rasmiylashtirish, hamda O`zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish uchun notarial tasdiqlangan roziligini ham taqdim etish shart.

Agar bolaning onasi yolg`iz bo`lsa (bolaga nisbatan otalik belgilanmagan holda), konsulxonaga ona kelishi shart:
• Bola onasining arizasi (o`rnatilgan shakli konsuldan olinadi)..
• Tibbiy muassasaning farzand tug`ilganligi to`g`risidagi ma’lumotnomaning asli yoki tasdiqlangan nusxasi.
• Bola onasining pasporti.
• Amaldagi xarajatlar to`lovi.

Tug`ilganlik guvohnomasi rasmiylashtirilganidan keyin konsul bolani ota-onasining (O`zbekiston fuqarolarining) pasportlariga yoki ulardan bittasining pasportiga (ota-onalarning ixtiyoriga ko`ra) qayd etib qo`yadi.

3.Xorijda vafot etgan O`zbekiston Respublikasi fuqarosi uchun uning o`limi to`g`risidagi guvohnomani rasmiylashtirish uchun qanday hujjatlar talab etiladi??

O`zbekiston Respublikasi fuqarosi uchun o`limi to`g`risidagi guvohnomani rasmiylashtirish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
• Arizachining (qarindoshi, tanishi, dafn qilish xizmati yoki boshqa xizmat vakillari va b.) murojaatnomasi.
• Tibbiy muassasaning o`lim to`g`risidagi ma’lumotnomasining asli yoki uning tasdiqlangan nusxasi.
• Vafot etgan shaxsning pasporti yoki uning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat.

4.O`zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik idoralarida nikohni qayd etish mumkinmi va buning uchun nimalar kerak bo`ladi?

O`zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijiy davlat fuqarosi bilan yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxs bilan nikohi konsul tomonidan, agar ushbu nikoh konsullik idorasi joylashgan davlat hududida, shuningdek, o`sha davlat va O`zbekiston Respublikasi ishtirokida imzolangan bitim tomonidan qonuniy deb tan olinadigan bo`lsa, yohud bu nikoh xalqaro shartnomalar talablariga mos hisoblansa, amalga oshirilishi mumkin.

O`zbekiston Respublikasi fuqarosining nikohini qayd etish uchun zarur hujjatlar ro`yxati (nikohdan o`tuvchilarning har ikkisi ham tashrif buyurishi shart):
• Nikohdan o`tayotgan shaxslarning arizalari (o`rnatilgan shakli konsuldan olinadi).
• Nikohlanmaganlik to`g`risidagi (kuyov va kelin uchun) ma’lumotnomaning asli yoki uning O`zbekiston Respublikasi TIV da (O`zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun), xorijiy davlat TIV da (xorijiy fuqarolar uchun) legalizatsiya qilingan nusxasi.
• Nikohdan o`tayotganlarning pasportlari.

5.O`zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik idoralarida nikohni bekor qilish mumkinmi va buning uchun nimalar kerak bo`ladi?

O`zbekiston Respublikasining O`zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashayotgan fuqarosi O`zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashayotgan turmush o`rtog`i bilan uning fuqaroligidan qat’iy nazar, O`zbekiston Respublikasi sudi orqali nikohni bekor qilishi mumkin.

Er-xotin o`rtasida mulkiy kelishmovchiliklar va voyaga yetmagan farzandlar (shu jumladan, farznadikka olingan bolalar) mavjud bo`lmagan holatlarda, nikohdan ajrashish O`zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik idoralari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

O`zbekiston Respublikasi fuqarosini nikohdan ajratish uchun talab etiladigan hujjatlar ro`yxati (nikohdan ajrashayotganlarning har ikkisi ham konsullik muassasasiga tashrif buyurishi shart):
• Nikohdan ajrashish to`g`risida ariza (o`rnatilgan shakli konsuldan olinadi).
• Nikohdan ajrashayotganlarning pasportlari.
• Nikoh qayd etilganligi to`g`risidagi guvohnoma.

6.Xorijda istiqomat qilayotgan vaqtda familiyani, ismini, otasining ismini o`zgartirish mumiknmi, bu harakatni qanday holatlarda amalga oshirish mumkin?

Xorijda doimiy istiqomat qiluvchi fuqarolarning arizalari konsul tomonidan ko`rib chiqiladi. Familiyani, ismini, otasining ismini o`zgartirish to`g`risidagi ariza arizachi tomonidan u 16 yoshga to`lganidan keyin taqdim etilishi mumkin (arizachining tashrifi majburiy).

Familiyani, ismini, otasining ismini o`zgartirish to`g`risidagi ariza quyidagi hollarda ko`rib chiqiladi:
- agar familiyasi, ismi va otasining ismi hunuk bo`lsa;
- agar familiyasi, ismi va otasining ismi millatiga mos bo`lmasa;
- o`z xohishiga ko`ra nikohgacha bo`lgan familiyani qaytarish ixtiyor qilinsa (nikohda turgan holatda ham, nikoh bekor qilingandan keyin ham);
- oila uchun umumiy familiyani olish istagi tug`ilganda (agar nikoh tuzilayotganda er-xotin umumiy famiyaliyani tanlagan bo`lmasa);
- konsul uzrli deb hisoblagan boshqa holatlarda.

Familiyani, ismini, otasining ismini o`zgartirish uchun taqdim etiladigan hujjatlar ro`yxati:
• Familiyani, ismini, otasining ismini o`zgartirish to`g`risidagi ariza (o`rnatilgan shakli konsuldan olinadi).
• Arizachining tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomasi.
• Agar arizachi nikohlangan bo`lsa, nikoh tuzilganligi to`g`risidagi guvohnoma, agar ajrashgan bo`lsa, nikohdan ajrashganligi to`g`risidagi guvohnoma.
• Agar arizachining voyaga yetmagan farzandlari bo`lsa, bolaning tug`ilganligi to`g`risidagi guvohnomalari.
• Pasportdan yoki arizachining shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatdan ko`chirma.
• Agar arizachi voyaga yetmagan bo`lsa (16 yoshdan 18 yoshgacha), yoki sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo`lsa, ota-onasining, yoki vasiyning, yohud homiyning arizasi.
• 1 ta fotosurat (3x4 hajmli).
• Voyaga etmagan (16 yoshdan 18 yoshgacha) shaxslar uchun, shuningdek ota-onasining roziligi ham talab etiladi.

Agar 16 yoshga to`lgan shaxs pasport yoki uning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatni olgunga qadar familiyani, ismini, otasining ismini o`zgartirish to`g`risida ariza bersa, arizaga tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnoma va tug`ilganlikni qayd etish dalolatnomasining nusxasi ilova qilinadi.

7.Xorijda yashab turib qayd etish dalolatnomalariga o`zgartishlar kiritish mumkinmi, va buni qanday hollarda amalga oshiriladi?

Xorijda istiqomat qilayotgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining qayd etish dalolatnomalariga o`zgartish, tuzatish va qo`shimchalar kiritish to`g`risidagi arizalari konsullik muassasalari tomonidan ko`rib chiqiladi.

Qayd etish dalolatnomalariga o`zgartish, tuzatish va qo`shimchalar kiritish uchun talab etiladigan hujjatlar ro`yxati (arizachining tashrifi majburiy).
• Qayd etish dalolatnomalariga o`zgartish, tuzatish va qo`shimchalar kiritish to`g`risidagi ariza (o`rnatilgan shakli konsuldan olinadi).
• So`rovning asoslanganligini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari, shu jumladan pasport nusxasi, o`zgartirilishi talab etilayotgan guvohnomalarning asli.
• Quyidagi zarur holatlarda so`rovning asoslanganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar:
a) «O`zbekiston Respublikasining davlat tili to`g`risida’gi qonunining 15-moddasiga muvofiq familiyasini, ismini, otasining ismini milliy an’analarga muvofiq yozib qo`yish istagi izhor etilganda;
b) otalikni belgilashda;
v) farzandlikka olishda;
d) voyaga yetmagan farzandning familiyasini ota-onasining o`zaro roziligi asosida o`zgartirilgan holatda (shuningdek ota-onalar tomonidan nikohdan ajrashilganda), yoki hokim qarori asosida;
e) millatni o`zgartirilganda;
f) nikohda turmagan ona farzandning otasi to`g`risidagi ma’lumotlarni o`zgartirish to`g`risida ariza berganda (farzand 16 yoshga kirgunga qadar);
g) sud tomonidan otalikning belgilanishini yoki farzandlikka olishni haqiqiy emas deb topilganda;
h) ota-onasining familiyasi, ismi, otasining ismi o`zgartirilishi munosabati bilan voyaga yetmagan farzandning familiyasi, ismi, otasining ismi o`zgartirilganda;
i) imlo xatolar va noaniqliklar mavjud bo`lganda, shuningdek tug`ilgan joyi va vaqti, otasining ismi ko`rsatilmagan holatlarda;
j) 16 yoshga to`lmagan farzandning ismi va familiyasi o`zgartirilganda, agar uning ismi va familiyasi ota-onasining istagini hisobga olmagan holda berilgan bo`lsa;
k) qaydnomada ismi qisqartirilgan yoki erkalash shaklida yozilgan bo`lsa;
l) boshqa zarur hollarda.

8.O`zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida tuzilgan nikohlar O`zbekiston Respublikasida tan olinadimi?

O`zbekiston Respublikasi fuqarolari o`rtasida, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi va xorijiy fuqaro yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxs o`rtasida O`zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida tuzilgan nikohlar, ushbu nikoh tuzilgan davlatning qonunchiligiga rioya etilgan holda tuzilgan bo`lsa va agar O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksning 16-moddasida ko`zda tutilgan nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar mavjud bo`lmasa, O`zbekiston Respublikasida haqiqiy deb tan olinadi.

9.Xorijiy davlatlarning vakolatli idoralari tomonidan berilgan O`zbekiston fuqarolarining fuqarolik holatini tasdiqlovchi hujjatlarini O`zbekistonda almashtirish mumkinmi?

Xorijiy davlatlarning vakolatli idoralari tomonidan O`zbekiston fuqarolariga berilgan ularning fuqarolik holatini tasdiqlovchi hujjatlari O`zbekiston Respublikasining Gerbli guvohnomalariga almashtirilishi mumkin.

Bu holda fuqarolar, O`zbekiston Respublikasiga kelgunga qadar, almashtirilishi lozim bo`lgan hujjatlarni O`zbekiston Respublikasining xorijiy konsullik idoralarida legalizatsiya qilib olishlari shart.