APOSTIL QO`YISH VA HUJJATLARNI LEGALLASHTIRISH

2011 yilning mart oyida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan "Xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi Konvensiyaga (Gaaga, 1961 yil 5 oktyabr) O`zbekiston Respublikasining qo`shilishi to`g`risida" Qonun qabul qilindi va Konvensiyaning depozitariysiga – Niderlandiyaning Tashqi ishlar vazirligiga – O`zbekiston Respublikasining ushbu Konvensiyaga qo`shilganligi to`g`risida xabarnoma jo`natildi.

Konvensiyaning 11-moddasi va 12-moddasiga muvofiq, zaruriy tashkiliy jarayonlar rasmiylashtirilganidan so`ng, 2012 yilning 15 aprelidan Konvensiya O`zbekiston Respublikasi uchun kuchga kirdi.

Konvensiyaga muvofiq, uning qoidalari Konvensiya depozitariysidan O`zbekiston Respublikasining Konvensiyaga qo`shilganligi to`g`risida xabarnoma olganidan so`ng olti oy ichida o`z e'tirozlarini bildirmagan boshqa ishtirokchi davlatlar bilan O`zbekiston Respublikasining munosabatlaridagina haqiqiydir.

Hozirgi paytda dunyoning 100 dan oshiq davlatlari Konvensiyaning ishtirokchisidirlar.

Gaaga Konvensiyasi – faqat uning ishtirokchilari bo`lmish davlatlar uchun xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi xalqaro Konvensiyadir.

Konvensiya tomonidan bir davlatda tuzilib ikkinchi davlatga berilishi lozim bo`lgan rasmiy hujjatlarga qo`yiluvchi, konsullik legallashtirilishi jarayonining o`rnini bosuvchi, maxsus belgi (tamg`a) belgilangan, bu belgi apostil deyiladi.

Konvensiyaning ishtirokchisi bo`lmish davlatda apostil orqali tasdiqlangan hujjatlar, Konvensiyaning boshqa ishtirokchisi bo`lmish davlatda hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi lozim.

Konvensiyaning ishtirokchi-davlatlari, ahdlashuvchi davlatlardan birining hududida tuzilib, boshqa ahdlashuvchi davlatlar hududida taqdim qilinishi lozim bo`lgan rasmiy hujjatlarning konsullik legallashtirilishi talabidan o`zaro voz kechadilar.

Imzoning haqiqiyligini, hujjatni imzolovchi sifatida ish ko`rgan shaxs imzosining haqiqiyligini va hujjatni tasdiqlagan muhr yoki shtampning bosma izi haqiqiyligini tasdiqlash uchun zarur bo`lgan yagona rasmiyatchilik – bu apostil qo`yishdir.

O`zbekiston Respublikasining uning Konvensiyaga qo`shilishi masalasida e'tiroz bildirgan Konvensiyaning ishtirokchi-davlatlari bilan, shuningdek, ushbu Konvensiyaning ishtirokchilari bo`lmagan davlatlar bilan munosabatlarida, avvalgidek, hujjatlarning konsullik legallashtirilishi amali qo`llaniladi.

Xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi Konvensiyaning qoidalarini amalga oshirish maqsadida, 2011 yilning 5 iyulida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan PQ-1566-sonli "Xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi Konvensiya (Gaaga, 1961 yil 5 oktyabr) qoidalarini amalga oshirish choralari to`g`risida" Qarori qabul qilindi.

Ushbu Qarorda O`zbekiston Respublikasida apostil qo`yish vakolatiga ega bo`lgan organlar belgilab berildi:

O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi — sudlar, adliya organlari va muassasalaridan chiqadigan rasmiy hujjatlarga;

O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi — prokuratura, tergov va surishtiruv organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlarga;

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi — fan va ta`lim sohasi tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlarga;

O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi — boshqa barcha rasmiy hujjatlarga.

Konvensiya maqsadida rasmiy hujjatlar deganda quyidagilar tushuniladi:

  • davlat yurisdiksiyasiga bo`ysunadigan organ yoki mansabdor shaxs tomonidan chiqariladigan hujjatlar, shu jumladan prokuratura, sud kotibi yoki sud ijrochisi tomonidan chiqariladigan hujjatlar;
  • ma'muriy hujjatlar (hususan, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish guvohnomalari va b.);
  • notarial dalolatnomalar;
  • ro`yxatga olish kabi rasmiy qaydlar; ma'lum bir sanani tasdiqlovchi vizalar; notariusda tasdiqlanmagan hujjatdagi imzoni tasdiqlash.
  • Konvensiya quyidagilarga taalluqli emas:

  • diplomatik yoki konsullik agentlari tomonidan amalga oshirilgan hujjatlar;
  • tijorat yoki bojxona operatsiyalariga to`g`ridan-to`g`ri aloqador bo`lgan ma'muriy hujjatlar.
  • Konvensiya, o`zining tom ma'nosida, shuningdek, norasmiy (ya'ni, davlat organlari tomonidan chiqarilmagan, hamda notarial tasdiqlanmagan) hujjatlarga ham taalluqli emasdir. Masalan, xorijiy firmalarning tijorat xatlariga apostil qo`yilmaydi.

    Apostilni qo`yish jarayoniga faqat Adliya vazirligining, Bosh prokuraturaning, TIV ning markaziy organlari hamda Davlat test markazi jalb qilinadi. O`zbekiston Respublikasining xorijiy konsullik muassasalari apostil qo`yish jarayonida ishtirok etmaydilar.

    Ushbu masala bo`yicha qo`shimcha ma'lumotlarni xalqaro shaxsiy huquq bo`yicha Gaaga Konferensiyasining rasmiy veb-sahifasidan olishingiz mumkin.

    HUJJATLARNI LEGALLASHTIRISH

    Konsullik legalizatsiyasi hujjat va aktlarda imzolarning haqiqiy ekanligini, hamda ularning istiqomat qilinayotgan davlat qonunlariga muvofiqligini belgilash va tasdiqlashdan iborat. Konsullik legalizatsiyasi hujjatlarning va aktlarning xalqaro muloqotda huquqiyligini tasdiqlaydi.

    Konsullik legalizatsiyasi vazifalarini quyidagilar amalga oshiradi:

  • Xorijda – O`zbekiston Respublikasi xorijdagi konsullik muassasalari;
  • O`zbekiston Respublikasida – O`zbekiston Respublikasi TIV Konsullik boshqarmasi.
  • Konsul konsullik hududi vakolatli idoralari tomonidan tasdiqlangan yoki ushbu idoralar tomonidan chiqarilgan hujjatlarni legallashtirish uchun qabul qiladi.

    O`zbekiston Respublikasi TIV Konsullik boshqarmasi, xorijiy tashkilotlar va muassasalar tomonidan qabul qilingan, hamda imzolari va muhrlari namunalari mavjud bo`lgan O`zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan konsullik muassasalari yoki xorijiy diplomatik vakolatxonalar tomonidan legallashtirilgan hujjatlar va aktlarni legallashtiradi.

    Konsullik boshqarmasi shuningdek O`zbekiston Respublikasi tashkilotlari va muassasalari tomonidan qabul qilinib, chet elda taqdim qilinishi lozim bo`lgan hujjatlar va aktlarni ham legallashtiradi.

    O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid keladigan, yoki o`zining mazmuniga ko`ra davlat manfaatlariga ziyon keltirishi mumkin bo`lgan, yohud chet elda foydalanish uchun mo`ljallangan hujjatlarning rasmiylashtirilishini belgilovchi tartiblarni buzgan holda rasmiylashtirilgan, yoki fuqarolarning or-nomusiga putur yetkazadigan ma'lumotlardan iborat bo`lgan hujjatlar va aktlar legallashtirilmaydi.

    Shuningdek quyidagi hujjatlarning asli va nusxalari legallashtirilmaydi: pasportlar, partiyalarga mansubligi to`g`risidagi hujjatlar, kasaba uyushmalari biletlari, mehnat daftarchalari, harbiy bilet, respublika miqyosida qo`llanishga mo`ljallangan ma'lumot haqidagi hujjat, haydovchilik guvohnomalari, alohida tabaqalarga va dinga mansubligi haqidagi hujjatlar, hamda fuqarolik munosabatlaridan chiqarilgan mulkka taalluqli boshqa hujjatlar.

    Hujjatlarni legallashtirish borasida amalga oshirilgan harakatlar uchun manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslardan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 24 dekabrdagi PP - 2095-sonli qarorining 3- ilovasida belgilangan konsullik yig`imi va amalda qilingan xarajatlar uchun to`lov undiriladi.