O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQOROLIGIDAN CHIQISHNI RASMIYLASHTIRISH TARTIBI

  • Ariza beruvchi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga O`zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish to`g`risida ariza beradi va uni konsullik mansabdor shaxsga taqdim qiladi. Ariza chiqish asoslarini bayon qilgan holda bir tusdagi siyohli yoki sharikli ruchkada qo`lda yoziladi. Arizaning barcha nusxalari ariza beruvchi tomonidan imzolangan, to`ldirish sanasi ko`rsatilgan, hamda konsul tomonidan tasdiqlangan bo`lishi lozim. Unda hech qanday o`chirishlar va tuzatishlar bo`lmasligi lozim;
  • 18 yoshga yetmagan shaxsning O`zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish to`g`risidagi arizasi uning ota-onasi tomonidan bolaning tug`ilganligi to`g`risidagi guvohnomasining nusxasi bilan birgalikda beriladi. Ushbu masala ariza-anketaning tegishli katagida aks ettiriladi;
  • 14 dan 18 yoshgacha bo`lgan voyaga yetmagan shaxslar ota-onaning arizasiga O`zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqishga konsul tomonidan tasdiqlangan o`z roziligini ilova qilishi lozim. Bunda barcha nusxalar to`ldirish sanasi ko`rsatilgan holda imzolangan, hamda konsul tomonidan tasdiqlangan bo`lishi lozim. Ularda hech qanday o`chirishlar va tuzatishlar bo`lmasligi lozim;
  • Agar ota-onaning ikkalasi ham O`zbekiston Respublikasi fuqarosi bo`lsa va ularning biri bir vaqtning o`zida voyaga yetmagan farzandning O`zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqishi to`g`risida iltimosnoma kiritib, O`zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqayotgan bo`lsa, bunda ikkinchisining konsul tomonidan tasdiqlangan yozma arizasi taqdim qilinadi, unda bolaning O`zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqishiga munosabati aks ettirilishi lozim;
  • Taqdim qilinayotgan hujjatlarning (milliy pasport, tug`ilganlik haqida, ota yoki onaning yohud turmush o`rtog`ining birining o`limi haqida, farzandlikka olish haqida guvohnomalar, ota-onalik huquqidan mahrum qilish, alimentlar to`lash to`g`risidagi qarorlar, mehnat daftarchasi) nusxalari asl nusxalari bilan taqqoslanadi va konsul tomonidan tasdiqlanadi;
  • Avtobiografiya ariza beruvchi tomonidan o`chirishlar, o`zgartirishlar va chizilishlarsiz, bir tusdagi siyohli yoki sharikli ruchkada qo`lda shaxsan to`ldirilgan bo`lishi lozim. Ariza beruvchining maktabda o`qishi paytidan boshlab hozirgi kungacha bo`lgan barcha biografik ma'lumotlari xronologik tartibda bayon qilinadi. Avtobiografiyaning barcha nusxalari to`ldirish sanasi ko`rsatilgan holda ariza beruvchi tomonidan imzolangan hamda konsul tomonidan tasdiqlangan bo`lishi lozim;
  • Ariza beruvchini belgilovchi ma'lumotlar uch nusxadagi ariza-anketada, 35 mm x 45 mm o`lchamdagi uchta fotosurat ilova qilgan holda bayon etiladi. Bunda anketaning barcha bandlari toza ravishda, o`chirishlar, o`zgartirishlar va chizilishlarsiz, bir tusdagi siyohli yoki sharikli ruchkada qo`lda to`ldirilgan bo`lishi lozim. Anketaning barcha nusxalari to`ldirish sanasi ko`rsatilgan holda ariza beruvchi tomonidan imzolangan, hamda konsul tomonidan tasdiqlangan bo`lishi lozim.